Ota-onangizni qadrlang va ularni baxtiyor qiling (Honor your parents and make them happy)

Ajdod

 

  Men hozir sizga aytishga chog‘lanayotgan so‘zlarimning nechog‘lik muhimligini anglab yetishim uchun uzoq yo‘lni bosishimga to‘g‘ri keldi.

    Otam juda yosh paytimda bu dunyoni tark etgan bo‘lsada, meni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan onamga juda ko‘p ozorlar yetkazdim va qanchalik afsus va nadomatlar chekmay, endi o‘rniga tushmaydi. Chunki mehribonim onajonim ham 84 yoshlarida bu dunyoni tashlab ketdilar.

    Mening noxis aqlim va zabonim, onamni baxtli qilishi mumkin bo‘lgan so‘zlarni aytishga qurbi etmadi. Buning armoni meni to so‘ngi nafasimgacha ta’qib qiladi va azoblaydi.

    Sizdan o‘tinchim, vijdonim azobi va ruhiy inqrozlarimni yengillatish maqsadida aytmoqchi bo‘layotgan quyidagi so‘zlarimni ota-onangizga aytishni unutmang va ularni baxtli qiling.

    Aslida ushbu so‘zlar mazmun jihatidan bir-biriga juda o‘xshab ketadi. Biroq shaklan juda katta farqqa ega.

    “Men sizdan qarzdor emasman deyish o‘rniga Menga qilganlaringizning barchasi uchun sizdan minnatdorman desangiz ularni baxtiyor qilgan bo‘lasiz.

    “Siz aralashmang, bu mening ishim desangiz ularning qalbiga ozor etkazasiz. Buning o‘rniga “Iltimos buning uchun xavotir olmasangiz. Men buni eplayman deyish to‘g‘riroq bo‘ladi.

    “Siz buni tushunmaysiz deyishingiz, ularni qattiq kamsitadi. Yaxshisi Keling vaziyatni tushuntiraman deng va ularni baxtli qiling.

    Agar siz, Siz menga hech qachon ishonmagansiz deyish o‘rniga Men bilan g‘urulanishingizni (faxrlanishingizni) hohlayman desangiz ularning boshlari ko‘kka etadi.

    “Men sizga yosh bola emasman. Menga mehribonchilik qilishni bas qiling desangiz ular juda qattiq xafa bo‘ladilar. Buning o‘rniga Menga ishoning. Men ko‘p narsalarni o‘rgandim deng va ularni bexovotir qiling.

    Ularga Mening gaplashiga vaqtim yo‘q demang. Buning o‘rniga Imkoni bo‘lishi bilanoq o‘zim sizga qo‘ng‘iroq qilaman desangiz ko‘ngillari taskin topadi.

    Sizning Bu mening hayotim, bilgan ishimni qilaman deyishingiz, ularning ko‘nglini cho‘ktiradi. Yaxshisi, Men o‘zim, mustaqil qaror qabul qilmoqchi edim deng va ko‘ngliga malham bo‘ling.

    Agar siz Hozir hech kim bunday kiyinmaydi desangiz, ular o‘zlarini juda g‘arib his qiladilar. Oqil farzand bo‘ling, Keling birga do‘konlarni aylanamiz deng va ularni xursand qiling.

    Ularning yuziga Sizning davringizda barchasi boshqacha bo‘lgan deyishingiz bilan, o‘tmishning achchiq saboqlarini eslariga solasiz va azoblarini oshirasiz. Qarilik o‘zi azob, keling yaxshisi Siz haqsiz, biroq hozir juda ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi deng va ular sizni juda to‘g‘ri qabul qiladilar.

    “Men bora olmayman, ishlarim ko‘p deyishingiz, ularning ko‘ngillarini cho‘ktiradi va chorasizlik azobi qiynay boshlaydi. Agar siz buning o‘rniga Balki siz, dam olish kunlari biznikiga kelarsiz (yoki kelsangiz yaxshi bo‘lar edi)? Nevaralaringiz sog‘inishgan desangiz ularni juda mamnun va rozi qilasiz.

     Ota-onangizning qadriga yeting. Ular bilan ko‘proq birga bo‘lishga harakat qiling. Unutmang, ularning bu dunyoni tark etishlari doimo kutilmaganda yuz beradi. Hech bo‘lmaganda bir kunda ularga bir soat vaqtingizni ajrating va ularni baxtiyor qiling. Men ishonaman Siz oqil farzandsiz va bundan-da ko‘prog‘iga qodirsiz.

    Muallif: ©usm.uz

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *