Stiven Hoking (Stephen Hawking) kim va dunyoga nima berdi

Stephen Hawking

    Britaniyalik mashhur nazariyotchi fizik Stiven Hokingning o‘limi dunyo fani uchun ulkan yo‘qotish bo‘ldi desam adashmayman. Gap shundaki, uning tadqiqotlari bugungi zamonaviy fanning eng murakkab sohalari hisoblangan koinotshunoslik va kvantli gravitatsiya bilan chambarchas bog‘liq edi.

    Stiven Hoking 76 yoshida, Kembrijdagi o‘z uyida vafot etdi. Ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra o‘limning asosiy sababi yon amiotrofik sklerozning kuchayishi, ya’ni markaziy asab tizimining og‘ir degenerativ kasalligi hisoblanadi. Undagi xastalikning dastlabki belgilari qariyib 60 yillarda namoyon bo‘la boshlagan va agar ta’bir joiz bo‘lsa aytish mumkinki, og‘ir dard bilan kurashish borasida u butun dunyoni hayratda qoldirdi.

    Ayniqsa olimning oxirgi yillardagi ishlari, ilmiy jamoatchilik orasida keng ommalashdi. Sun’iy intellektning va global katastrofalarning xavfi borasidagi ilmiy bashoratlari, dunyo aholisining ilg‘or qatlamlarida keng muhokama va munozaralar markazida bo‘ldi. Biroq shu narsani esdan chiqarmaslik kerakki, Hoking avvalo bizni qurshab turgan borliq aslida qanday tuzilganligi haqidagi tushunchalarimizga ulkan hissa qo‘sha olgan buyuk nazariyotchi fizik edi.

    Hoking birinchi navbatda fan olamida “qora tuynuklar” nazariyasining muallifi sifatida tan olingan. Bu boradagi bilimlarimizni yangilash maqsadida bu haqda ba’zi narsalarni eslab o‘taman.

    Olimlar, ulkan yulduz o‘z “zahirasi”ni tugatganidan so‘ng zichlashib boradi (yadrodagi termoyadro sintezi reaksiyasi uchun zarur bo‘lgan material ertami kechmi bari bir tugaydi) degan xulosaga keladilar, yulduzning gravitatsiyasi shunchalik kuchayadiki, hatto yorug‘lik ham uning chegaralarini tark eta olmay qoladi. Xususan, hududini hech narsa tark eta olmaydigan sohalarni “qora tuynik”lar deb atashadi.

    Bu sohadagi Hokingning asosiy ilmiy natijalari, qora tuyniklarni tushuntirishda termodinamika qonunlaridan foydalanganligi va ularning “Hoking nurlanishi” deb nom olgan hodisa hisobiga “bug‘lanishi” haqidagi nazariyasi hisoblanadi. Ushbu nazariyaga ko‘ra, qora tuynuk o‘z atrofidagi barcha narsalarni yutishdan tashqari, turli xildagi zarralarni tarqatadi va oxir oqibatda bu uning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Ya’ni:

    a) bir qancha kvantlar bari bir qora tuynuk hududini tark eta oladi;

    b) qora tuynuklar abadiy mavjud emas.

    O‘zidan hech narsa tarqatmasdan, faqat materiyani yutuvchi ob’ektlar sifatida qora tuynuklar haqidagi tushunchalar, toki mutaxassislar tomonidan kvantli effektlar hisobga olinmaguncha to‘g‘ri deb hisoblangan. Aynan, Stiven Hokingning ilmiy ishlari, qora tuynuklar yaqinidagi elementar zarralarning holatini kvant mexanikasi nuqtai nazaridan o‘rganishni boshlab berdi. Hoking o‘zining olib borgan tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, zarralar qora tuynuk hududidan chiqishi mumkin va u “mutlaqo qora” bo‘lishi mumkin emas degan xulosaga keldi.

    Qora tuynikdagi hodisalar doirasida virtual zarralarning o‘z-o‘zidan yuzaga kelishini tadqiq qilish Hokingning diqqat markazida bo‘ldi. Bunday zarralar o‘zaro “uchrashadi”, “ajralishadi” va boshqa zarraga aylanishadi (annigilyasiya). Qora tuynuk yaqinida bunday juftlikning bir qismi unga yana qulab tushishi mumkin: ushbu holatda ikkinchi qism annigilyasiya uchun juftlikka ega bo‘lmaydi va radiatsiyaga aylanishi natijasida qora tuynuk nurlanadi (yorug‘lik tarqatadi). Tadqiqotchilar tomonidan zaryadlangan zarralarni tezlatuvchi mexanizmda olib borgan eksperimentlari jarayonida bunday effektlarni kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar. Bir qancha miqdordagi energiya sarflash orqali ularni “ajratish” ga erishdilar va bu Hokingning xulosalarini tasdiqlab berdi.

    Hokingnig erishgan natijalari bu bilan chegaralanmaydi. Virtual zarralarning, real zarralarga aylanishi (massaga, harakat miqdori momentiga, energiyasiga va boshqa xarakteristikalarga ega) energiya talab qiladi. Ularning “yo‘q narsa”dan paydo bo‘lishi energiyaning saqlanish qonuniga zid keladi. Hoking, qora tuynukning bunday o‘zgarish natijasida “tashqariga” uchib chiqqan zarra ega bo‘lgan energiyasiga teng miqdordagi energiyani yo‘qotishini hisoblab chiqdi. Bunday holatda qora tuynuk o‘z massasidan tashqari boshqa joydan energiya ola olmaydi. Demak vaqt o‘tishi bilan yo‘q bo‘lib ketadi.

    Bir qator mutaxassislar, ulkan adronli kollayderdagi eksperimentlar insoniyatni yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan kichik-qora tuynuklarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin deb hisoblaydilar. Shu asnoda Hoking nurlanishi konsepsiyasi, bunday qora tuynuklar tez bug‘lanib ketishini tasdiqlaydi.

    Stiven Hokingning ilmiy ishlari, butun Koinotning o‘timishini va kelajagini o‘rganishda yangi turtki bo‘ldi. U o’zining 1988 yilda nashr qilgan “Vaqtning qisqa tarixi” nomli ilmiy-ommabop asarida Koinotning zichlashishini ilmiy jihatdan bashorat qildi. Biroq shu asnoda Koinot kengayishni davom etirishi haqidagi gipotezalar vujudga keldi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar ikkala holda ham insoniyat uchun yaxshi bo‘lmaydi.

    Ta’kidlash joizki, koinot tarixini, bizning sayyoramizdan tashqaridagi ongli hayot shakllari mavjudligi masalasidan alohida qarash imkoni yo‘q. Bu masalada Hoking, insoniyat Amerikaning tub xalqlari taqdirini takrorlash xavfi bilan yashamoqda, negaki, yuqori darajada rivojlangan tamaddun albatta o‘zidan past darajadagi tamaddun ustidan to‘liq hukmronlik qiladi va uning butunlay yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi.

    Bu fikrlar “klassik” ilmdan anchagina uzilgan, o‘zgacha nuqtai nazardan aytilgan va ko‘proq ilmiy fantastikaga yaqindek tuyuladi. Takrorlash joizki, Stiven Hokingning buyukligi ham shunda. U o‘zining olamshumul ilmiy kashfiyotlari va fanning ommalashuvini o’zaro omuxta qilishga erishdi va uni aholining keng qatlamlari uchun tushunarli qila oldi.

    Amerika prezidenti Donald Trampning Parij kelishuvidan chiqish rejasi Stiven Hoking tomonidan keskin tanqid qilindi. “Bi-bi-si ga bergan intervyusida — Biz global isish jarayonlarini qaytarib bo‘lmaydigan keskin o‘zgarishlar bosqichiga yaqinlashayapmiz, — dedi olim. – Trampning bunday harakati sayyoramizni tubsiz jarlik sari itaradi va Yer xuddi 250 gradus haroratga va kislotali yomg‘irga ega Veneraga o‘xshab qoladi…”.

    Stiven Hoking, Koinotning tug‘ilishi haqida mulohaza qilganda insoniyat uchun dunyoning yakuni borasida ham o‘z qarashlarini bayon qila oldi. Uning bashoratlariga ko‘ra dunyoning yakuniga etishi, quyidagi to‘rtta sabablar tufayli yuz berishi mumkin: yadro urushi, sun’iy intellekt (rivojlanish, takomillashish natijasida, odamzotdan o‘zib ketadi), irsiyat muhandisligi tomonidan yaratilgan viruslar (tasodifan yoki ataylab yaratilgan xavfli virus butun inoniyatning qirilib ketishi uchun xavf solishi mumkin), global isish.

    Stiven Hoking o‘zining nazariy fizika sohasidagi ilg‘or tadqiqotlari va koinotning qonunlarini tushuntiruvchi ilmiy ishlari bilan dunyoni lol qoldirdi. Shu bilan birgalikda u dunyodagi eng bozori chaqqon 7 ta kitoblar muallifi va 14 ta mukofotlar sohibi hisoblanadi.

     Muallif: ©usm.uz  

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *