Tanlov

creativity

    Qanday mamlakatda yashashing muhim emas. Zero biz odatda barchasi uchun o‘z davlatimizni, hukumatimizni bizga u yoki buni bermaganligi uchun ayblashga o‘rganib qolganmiz.

    Aslida bizga nima kerakligini bilamizmi?

     Aziz do‘stim, meni kechir, ammo senga bir nechta savollarim bor. Men bu savollarni o‘zimga doimo berib keldim va ularga javob izlash asnosida o‘zim uchun bir muncha narsalarni kashf qildim desam adashmayman.

    Nima deb o‘ylaysan, hozir senda xorijiy tilni o‘rganish imkoni yo‘qmi? Senda vikipediyani o‘qish imkoni yo‘qmi? Senda ijtimoiy tarmoqlarda valaqlab be’mani va bekorchi narsalarga vaqt sarflashdan ko‘ra, san’at asarlari ko‘rgazmasiga borishga imkon yo‘qmi? Telefonda axmoqxona o‘yinlarni o‘ynashdan ko‘ra, ishga yoki o‘qishga borishda kitob o‘qish imkoni yo‘qmi? Mashinada to‘pori musiqalar, ashullalarni (ashulla deb atashga ham tili bormaydi odamning) eshitgandan ko‘ra jahonning klassik musiqalari, ashullalarini tinglash imkoni yo‘qmi?

   Qani aytchi haqiqatdan ham senda bunday imkoniyatlar yo‘qmi?

    Sening o‘ylashingcha, hukumat – azizim mana bu yaxshi kitobni o‘qigin, mana bu tabiat haqidagi filmni tomosha qilgin, elka muskullaringni rivojlantirish uchun mana bu mashqlarni bajargin deb yalinishi kerakmi? Sening fikringcha, hukumat sening telefoninga aqlingni o‘tmaslashtiruvchi o‘yinlar o‘rniga, sening va farzandlaringning tafakkurini rivojlantiruvchi ilovalarni o‘rnatib berishi kerakmi? Yoki bo‘lmasa mamlakating hukumati sen uchun “YouTube” dan dizayn bo‘yicha, dasturlash bo‘yicha (bilmayman yana nimalar bilan shug‘ullanishni hohlayotgan bo‘lsang) video darslarni topishi kerakmi?

    Qani aytchi, sen o‘zi umring davomida biror narsa bilan mashg‘ul bo‘lishni hohlaysanmi?

    Har kuni ko‘cha-ko‘yda, vaqtli matbuotda va hatto oyinai jahonning o‘zida ham ko‘p eshitaman, qaysiki televizorda faqat bemaza, jirkanch va bachkana narsalar namoyish qilinmoqda, xo‘sh u holda ularni ko‘rishning keragi yo‘q. Yoki buni sen uchun shahar hokimi kelib qilish kerakmi? Balki sening shahringning hokimi kelib internetdan qanday foydalanish kerakligini o‘rgatishi kerakdir? Balki shahringning hokimi kelib senda kiyinish, yaxshi kitob o‘qish, yaxshi musiqa tinglash, yaxshi kino ko‘rish didini tarbiyalashi kerakdir? Balki shahar hokimi kelib, jamoat joyida so‘kinish, ko‘chada tomoqni qirib tuflash, axlat idishi yoniga axlat tashlash maLiving waterdaniyatsizlik ekanligini tushuntirishi kerakdir. Umuman bularning barchasini kim senga o‘rgatishi va ko‘rsatishi kerak, bunisini men bilmayman.

    Sen qanday mamlakatda yashashing muhim emas, hamma joyda piyonistalar, giyohvandlar, talonchilar bor va bo‘lgan, ular barcha mamlakatlarda yashashadi. Birorta prezident, birorta mamlakat, odamlarni, o‘zlarini cho‘chqa kabi tutishga chaqirganmi? Yo‘q, hech qachon!

    Senda, istalgan mamlakatda o‘zingni rivojlantirish uchun imkoniyat doim bor, buning uchun pul bo‘lishi shart emas, o‘zingni aldashning keragi yo‘q! Buning uchun faqatgina o‘zingni mujburlashing kerak xolos. Balki, sen uchun bularning barchasini boshqalar qilishini hohlarsan?!

    Sen rohat-farog‘atda yashashni hohlaysan (buni kim hohlamaydi), qizig‘i sen izlashni, izlanishni hohlamaysan, sen xato qilishni hohlamaysan, sen o‘zingni majburlashni hohlamaysan. Ammo bularsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydiku, buning iloji yo‘q.

    Seniningcha, boshqalar barchasiga osongina erishganmi? Ko‘p narsaga erishgan insonlar barchasini jo‘ngina qo‘lga kiritgandek tuyulishi mumkin. Yo‘q bunday o‘ylash o‘ta nodonlik. Demak, sen oson va jo‘n yo‘lini izlayapsan.

    Sen ham ulkan kompaniyada ishlashni, qimmatbaho mashinada yurishni, sayohat qilishni, hurmatga sazovor bo‘lishni juda hohlaysan. Buni kim hohlamaydi. Xo‘sh seningcha bularining barchasini albatta kimdir sen uchun yaratishga, muhayo qilishga majburmi? Yo‘q! Chuchvarani xom sanayapsan!

    Sen qanday mamlakatda yashashing muhim emas. Ishon, sening mamlakatingda mukammal yo‘llar yoki bo‘lmasa xarob bo‘lgan ariqlar bo‘lishi mumkin. Ammo bu hech narsani o‘zgartirmaydi, chunki bu hech narsaga ta’sir qilmaydi.

    Hukumat sen yashayotgan uyning kirish yo‘lagini bo‘yab qo‘yishi, sen ishga boradigan yo‘laklarga chiroyli butalar, atirgullar ekib qo‘yishi mumkin. Ammo bularning barchasi aynan senda hech narsani o‘zgartirmaydi. Garchi sen o‘zing hech narsaga intilmasang, agar sen o‘zing nima bilandir shug‘ullanishni hohlamasang hech kim seni bunga majbur qilmaydi, hech kim seni ishontira olmaydi, hech kim sendan buni yalinib so‘ramaydi. Bu hech kimni qiziqtirmaydi, va bu to‘g‘ri!

    Agar sen bu hayotda nimagadir arziydigan inson bo‘lishni hohlasang va nimagadir erishmoqchi bo‘lsang, hayotingdagi yaxshi narsaga qo‘yadigan birinchi qadaming, bu taqdiring uchun yaqinlaringni, atrofingdagi insonlarni, butun dunyoni aybdor qilishni bas qilishingdir.

    Taqdir senga pul, boylik, ish, mashina, yaxta, chiroy, talant bermaganligi, har kuni oldingidan yaxshiroq bo‘lishga intilish zarurligini uqtirmaganligi uchun undan nolishni bas qil. Nimani hohlagan bo‘lsang barchasi hayotingga hamroh bo‘lmaganligi uchun, senda barcha imkoniyatlar mavjudligini tushunib etishingga imkon bo‘lmaganligi uchun uni aybdor qilishni bas qil. Chunki buning uchun senda haqiqatdan ham imkon bor!

    Bilaman, sening kompyutering yoki telefoningga minglab eng sara kitoblar, qo‘llanmalar, yuzlab musiqa durdonalari, yuzlab dohiyona filmlar joylashishi mumkin. Senda istalgan kasbni, ishni o‘rganish uchun, mutlaqo tekin va kunning istalgan vaqtida imkoniyat bor. Sen, o‘zing istagan mamlakatning istagan shahridan o‘zinga do‘stlar topishing, o‘zing uchun har kuni yangidan-yangi ufqlarni ochishing mumkin. Avvalari odamlar bunday imkoniyatlarni hatto tushlarida ham ko‘rishmagan, orzu ham qila olishmagan.

    Qara senda qanday ulkan imkoniyatlar bor, biroq bir narsani tushun va esingda tut! Buning barchasini qilishga seni hech kim majbur qilmaydi. Chunki sen balog‘atga etgansan, bu sening hayoting va bu bilan hech kimning ishi yo‘q, bu tabiiy!

    Hech kim seni ertalab turib yugurishga, hech kim seni kitob ochib varaqlashga majburlamaydi, hech kim seni ishni o‘z vaqtida va bekamu-ko‘st bajarishga va mas’uliyatli bo‘lishga majbur qila olmaydi. Yana bir marta qaytaraman, na prezident, na hokim va na birlashgan millatlar tashkiloti vakillari va yana boshqa hech kim seni bunday qilishga majburlay olmaydi.

    Tushun, sen o‘zingni-o‘zing rivojlantirmasang hech narsaga erishib bo‘lmaydi! Sen qaysi mamlakatda yashashingdan qat’iy nazar, Evropadami, Amerikadami, Osiyodami, Marsdami buning ahamiyati yo‘q. Hamma joyda bitta shart, muvaffaqiyatning garovi – o‘z ustingda ishlash, mehnat qilish. Albatta bu juda murakkab va bu har kunlik og‘ir mehnat.

  Bolaligingda ota-onang seni rivojlanishga majburlashgan, maktabda majburlashgan. Balog‘atga etding, endi sen o‘zingni-o‘zing majburlashing zarur bo‘ladi. Har kuni, har soatda, har bir minutda sen o‘zingni rivojlanishga majburlashing, qandaydir yangilikni o‘rganishing, xato qilishga o‘rganishing, sening yoshing nechada bo‘lishidan qat’iy nazar, yigirmadami, oltmishdami, bu muhim emas, bilimlaringni, saviyangni kengaytirishing lozim.

    Buning uchun sen qo‘rquv, omadsizliklar, dilsiyohliklar, sharmandaliklar orqali, charchoqlar, g‘azab va nafratlar orqali, ruhiy siqilishlar, mag‘lubiyatlar orqali, yo‘qotishlar, sotqinliklar orqali, or, nomus, tortinishlar, andishalar orqali, bilmaslik, to‘sqinliklar, hasadgo‘ylar orqali, tuhmatlar, g‘iybatlar, dushmanliklar, xiyonatlar orqali, kasalliklar, qat’iyatsizliklar orqali, yana va yana o‘z ustingda ishlaysan va o‘z hayotingni o‘zing qurib borasan.

    Boshqa yo‘li yo‘q, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Oltin kalit mavjud emas, Sehrli damlama yo‘q, Alovidinning sehrli chirog‘i ham yo‘q, yo‘q va yana yo‘q…..

    Qara senda tanlash imkoni bor, yo butun dunyoni ayblashda davom etish va o‘z hayotingda barcha narsalarni qo‘ldan chiqarish, barchasidan mosuvo bo‘lish yoki bo‘lmasa o‘z dunyoqarashingni o‘zgartirish, boshqacha o‘ylashni boshlash, eski xatolarni tan olish, xatolardan saboq olish, xulosa chiqarish, yangiliklar uchun ochilish, o‘qish, o‘rganish, bilib olish, sinab ko‘rish va to‘xtab qolmaslik, turib qolmaslik va hayotda ko‘piga erishish imkoni bor.

    Bunday tanlov qanday mamlakatda yashashimizdan qat’iy nazar har birimizning oldimizda turibdi.

     Muallif: ©usm.uz